19-23 yanvar kunlari "O‘zaeronavigatsiya" Markazi delegatsiyasi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminar-treningda qatnashmoqda. Tadbir Tailand Qirolligining Bangkok shahrida ICAOning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (APAC) hamda Yevropa va Shimoliy Atlantika mintaqalari (EUR/NAT) mintaqaviy bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Seminar havodagi harakatni tashkil etish (Air Traffic Management - ATM) sohasida fuqaro-harbiy hamkorlik masalalariga va havo bo‘shliqlaridan samarali foydalanish (Flexible Use of Airspace - FUA) konsepsiyasini joriy etishga bag‘ishlangan.
Tadbir davomida ICAOning xalqaro standartlari va tavsiyalari, fuqarolik va harbiy tuzilmalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, havo bo‘shliqlaridan foydalanish samaradorligi va xavfsizligini oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilinadi.
"O‘zaeronavigatsiya" Markazi delegatsiyasining ishtiroki xalqaro tajribani o‘rganish va O‘zbekiston Respublikasining havodagi harakatni boshqarish milliy tizimini ICAO talablari hamda ilg‘or amaliyotlariga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan.
Ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasida ham xuddi shunday tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
